O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oliy ta’lim tashkilotlarida talabalarga grantlarni taqdim etish va qayta taqsimlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” 2024-yil 24-maydagi PF-81-son Farmoni hamda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2024-yil 23-sentabrdagi PQ-330-son qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, ta’lim grantlarini iqtidorga yo‘naltirish, grant kvotalarining taqsimlanishida raqobat muhitini yaratish va yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oliy ta’lim tashkilotlarida talabalarga grantlarni taqdim etish va qayta taqsimlash tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
ta’lim grantini ikkinchi va undan yuqori kurs talabalari uchun ularning sonidan kelib chiqib, oliy ta’lim tashkiloti rektori (direktori) tomonidan to‘liq ta’lim granti va to‘liq bo‘lmagan ta’lim grantiga ajratish hamda tabaqalashtirilgan tarzda qayta taqsimlash;
ta’lim grantini har o‘quv yili yakunlangandan so‘ng bakalavriat ta’lim yo‘nalishi (magistratura mutaxassisligi), ta’lim tili va kurslar kesimida tabaqalashtirilgan tarzda alohida qayta taqsimlash;
ta’lim grantini tabaqalashtirilgan tarzda qayta taqsimlash natijasiga ko‘ra ta’lim grantini oluvchi talabalar ro‘yxatini oliy ta’lim tashkiloti kengashining qarori bilan tasdiqlash.
2. Belgilab qo‘yilsinki, vazirlik va idoralar o‘z tizimidagi oliy ta’lim tashkilotlari uchun ajratiladigan budjet mablag‘lari hajmini ushbu qarorga muvofiq hisoblaydi va navbatdagi moliya yili uchun O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan mazkur maqsadlar uchun ajratiladigan mablag‘lar doirasida taqsimlaydi.
3. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 10-mart,
149-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-martdagi 149-son qaroriga
ILOVA
Oliy ta’lim tashkilotlarida talabalarga grantlarni taqdim etish va qayta taqsimlash tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom ta’lim grantlarini ikkinchi va undan keyingi kurslarda yuqori akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichlariga erishgan va O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan ijtimoiy faol talabalar o‘rtasida oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan tabaqalashtirilgan tarzda qayta taqsimlash hamda qo‘shimcha grant taqdim etish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
Akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichini aniqlash bo‘yicha komissiya — ta’lim grantiga talabgorlarning akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarini aniqlash uchun oliy ta’lim tashkiloti rektori (direktori) tomonidan o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor (direktor o‘rinbosari) raisligida 9 nafardan kam bo‘lmagan tarkibda tuziladigan komissiya;
Ijtimoiy faollikni aniqlash bo‘yicha komissiya — ta’lim grantiga talabgorlarning ijtimoiy faolligini aniqlash uchun oliy ta’lim tashkiloti rektori (direktori) tomonidan yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor (direktor o‘rinbosari) raisligida 9 nafardan kam bo‘lmagan tarkibda tuziladigan komissiya;
Maxsus komissiya — Akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichini aniqlash bo‘yicha komissiya hamda Ijtimoiy faollikni aniqlash bo‘yicha komissiya tomonidan taqdim etilgan natijalarni umumlashtirib, ko‘rib chiqish uchun oliy ta’lim tashkiloti rektori (direktori) raisligida 9 nafardan kam bo‘lmagan tarkibda tashkil etiladigan komissiya;
ta’lim grantining bazaviy soni — oliy ta’lim tashkilotining tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga (magistratura mutaxassisligiga) kirish imtihonlari natijasiga ko‘ra davlat granti asosida 1-kursga talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar soniga teng grant o‘rni;
ta’lim grantiga talabgor — oliy ta’lim tashkilotining ta’lim granti ajratilgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishi (magistratura mutaxassisligi) bo‘yicha ikkinchi va undan keyingi kurslarda tahsil olayotgan, ta’lim grantini qayta taqsimlashda ishtirok etish istagini bildirgan talaba;
to‘liq ta’lim granti — bir o‘quv yili uchun berilib, o‘qitish xarajati Davlat budjetidan to‘liq qoplab beriladigan va umumiy tartibdagi stipendiya bilan ta’minlanadigan ta’lim granti;
to‘liq bo‘lmagan ta’lim granti — bir o‘quv yili uchun berilib, to‘lov-kontrakt summasining 50 foizi Davlat budjetidan qoplab beriladigan va umumiy tartibdagi stipendiya bilan ta’minlanmaydigan ta’lim granti;
GPA (Grade Point Average) — ta’lim oluvchining dastur bo‘yicha o‘zlashtirgan ballarining o‘rtacha qiymati;
qo‘shimcha davlat granti — oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida muayyan o‘quv yili yakuni bo‘yicha GPA ko‘rsatkichi 4 va undan yuqori bo‘lgan, Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan belgilanadigan toifadagi talabalarning (keyingi o‘rinlarda — belgilangan toifadagi talabalar) navbatdagi o‘quv yili uchun o‘qitish xarajati Davlat budjetidan to‘liq qoplab beriladigan va umumiy tartibdagi stipendiya bilan ta’minlanadigan grant;
oliy ta’lim tashkiloti granti — moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan ularda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil oluvchi belgilangan toifadagi talabalarning GPA ko‘rsatkichi 3,3 dan 4 gacha bo‘lganda, ularning navbatdagi o‘quv yili uchun belgilangan to‘lov-kontrakt summasining 20 foizdan 80 foizgacha bo‘lgan qismini ushbu oliy ta’lim tashkilotining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplanadigan grant.
3. Ushbu Nizom qabul jarayonlari hamda qabul parametrlarini shakllantirish va belgilash alohida qonunchilik hujjatlariga muvofiq tartibga solinadigan oliy ta’lim tashkilotlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
4. Ta’lim granti soni ikkinchi va undan keyingi kurslar uchun bakalavriat ta’lim yo‘nalishi (magistratura mutaxassisligi), ta’lim tili va kurslar kesimida talabalar sonidan kelib chiqib, oliy ta’lim tashkiloti rektori (direktori) tomonidan to‘liq ta’lim granti va to‘liq bo‘lmagan ta’lim grantiga ajratiladi. Bunda:
to‘liq ta’lim granti — ta’lim granti bazaviy sonining 50 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda;
to‘liq bo‘lmagan ta’lim granti — ta’lim granti bazaviy sonining to‘liq ta’lim grantidan qolgan qismining ikki baravari miqdorida belgilanadi.
To‘liq va to‘liq bo‘lmagan ta’lim grantlarining o‘zaro nisbati o‘quv yili yakunlanishidan kamida olti oy oldin oliy ta’lim tashkilotining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
5. Ta’lim grantlari o‘quv yili yakunlangandan so‘ng bakalavriat ta’lim yo‘nalishi (magistratura mutaxassisligi), ta’lim tili va kurslar kesimida tabaqalashtirilgan tarzda alohida qayta taqsimlanadi.
Ta’lim grantlarini tabaqalashtirilgan tarzda qayta taqsimlash jarayoni bosqichlarining aniq muddatlari o‘quv yilining davomiyligidan kelib chiqib, oliy ta’lim tashkiloti rektori (direktori) tomonidan belgilanadi va o‘quv yili yakunlangunga qadar e’lon qilinadi.
6. Akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichini aniqlash bo‘yicha komissiya, Ijtimoiy faollikni aniqlash bo‘yicha komissiya hamda Maxsus komissiya tarkibiga jamoatchilik vakillari ham jalb qilinadi.
7. Ta’lim granti asosida tahsil olgan talabalarning grant o‘rni ta’lim grantini tabaqalashtirilgan tarzda qayta taqsimlashda quyidagi holatlarda inobatga olinmaydi:
qonunchilik hujjatlariga muvofiq o‘qishi davlat granti asosida tiklanishi mumkin bo‘lgan talabalar chetlashtirilganda;
talaba belgilangan tartibda akademik ta’til olganda;
talaba akademik mobillik dasturlari asosida hamkor oliy ta’lim tashkilotida tahsil olish uchun bir o‘quv yilidan ko‘p bo‘lmagan muddatga ketganda.
Ushbu bandda ko‘rsatilgan toifaga kiruvchi talabalar belgilangan tartibda va muddatlarda o‘qishni davom ettirish uchun qaytganda, navbatdagi ta’lim grantlarini tabaqalashtirilgan tarzda qayta taqsimlashda ishtirok etishi mumkin.
8. Oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim grantini qayta taqsimlash mazkur Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
9. Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar farzandlari mazkur Nizomda qayd etilgan grantlardan faqat bittasi bo‘yicha talabgor bo‘lish huquqiga ega.
10. Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga ajratilgan davlat granti asosidagi qabul parametrlariga nisbatan 10 foizgacha bo‘lgan miqdorda Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan belgilanadigan toifadagi abituriyentlar (keyingi o‘rinlarda — belgilangan toifadagi abituriyentlar) uchun davlat granti asosidagi qo‘shimcha qabul parametrlari ajratiladi.
Belgilangan toifadagi abituriyentlar uchun ajratiladigan davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari kesimidagi taqsimoti O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi (keyingi o‘rinlarda — Davlat komissiyasi) tomonidan tasdiqlanadi.
Bunda muayyan bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha davlat grantiga o‘tish balining 80 foizi va undan yuqori ball to‘plagan belgilangan toifadagi abituriyentlar ajratilgan davlat granti asosidagi qabul parametrlari doirasida, ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya qilingan holda talabalikka tavsiya etiladi.
Mazkur imtiyoz abituriyent ro‘yxatdan o‘tishda tanlagan birinchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga hamda ushbu ta’lim yo‘nalishiga kirishda Davlat komissiyasi tomonidan davlat grantiga belgilangan minimal o‘tish bali va undan yuqori ball to‘plagan abituriyentlarga nisbatan qo‘llaniladi.
11. Belgilangan toifadagi talabalar uchun 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarida fanlarni o‘zlashtirishning o‘rtacha ko‘rsatkichi (GPA (grade point average) ko‘rsatkichi) “3,5” va undan yuqori bo‘lgan talabalarga keyingi o‘quv yili uchun foizsiz ta’lim krediti ajratiladi.
2-bob. Ta’lim grantini tabaqalashtirilgan tartibda qayta taqsimlash tartibi
12. Ta’lim grantiga talabgorlar uchun oliy ta’lim tashkilotining rasmiy veb-saytida onlayn ro‘yxatdan o‘tish va erishgan yutuqlarini asoslovchi hujjatlarni yuklash imkoniyati yaratiladi.
13. Ta’lim grantiga talabgorlardan joriy o‘quv yilida o‘zlashtirish ko‘rsatkichi bo‘yicha GPA ko‘rsatkichi 3,5 va undan yuqori bo‘lishi talab etiladi.
O‘zlashtirish ko‘rsatkichi bo‘yicha muayyan o‘quv yilidagi GPA ko‘rsatkichi 3,5 dan past bo‘lgan talabalarning ta’lim grantini tabaqalashtirilgan tarzda qayta taqsimlashda ishtirok etishiga ruxsat etilmaydi.
Talabalarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichi bo‘yicha muayyan o‘quv yilidagi GPA ko‘rsatkichi 3,5 dan past bo‘lganligi sababli vakant qolgan ta’lim granti o‘rinlari keyingi o‘quv yili uchun o‘tkaziladigan ta’lim grantining qayta taqsimotida inobatga olinadi.
Talabalarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining HEMIS — Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish axborot tizimi orqali shakllantiriladi. Bunda talabalarning GPA ko‘rsatkichi yuzdan bir ulushda hisoblanadi.
14. Akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichini aniqlash bo‘yicha komissiya tomonidan ta’lim grantiga talabgorlarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari hisoblab chiqiladi va mutanosib tarzda 80 ballik mezonda baholanadi hamda ushbu komissiya bayoni bilan rasmiylashtiriladi.
Bunda talabalarning akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichi talabalarning GPA ko‘rsatkichini “ 16” soniga ko‘paytirish orqali aniqlanadi.
15. Ta’lim grantiga talabgorlarning ijtimoiy faollik ko‘rsatkichi mazkur Nizomga 2-ilovaga muvofiq baholash mezoniga asosan Ijtimoiy faollikni aniqlash bo‘yicha komissiya tomonidan aniqlanadi va 20 ballik mezonda baholanib, ushbu komissiya bayoni bilan rasmiylashtiriladi.
Bunda talabalarning ijtimoiy faollik ko‘rsatkichi mazkur Nizomga 2-ilovaga muvofiq baholash mezoniga asosan hisoblangan natijani “5” soniga bo‘lish orqali aniqlanadi.
16. Akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichini aniqlash bo‘yicha komissiya hamda Ijtimoiy faollikni aniqlash bo‘yicha komissiya tomonidan ta’lim grantiga talabgorlarni baholash natijalari har yili 1-avgustga qadar Maxsus komissiyaga taqdim etiladi.
17. Taqdim etilgan ma’lumotlar asosida Maxsus komissiya tomonidan ta’lim grantiga talabgorlarning natijalari umumlashtirilib, ularning ro‘yxati ballar ketma-ketligi bo‘yicha shakllantiriladi.
Ta’lim grantiga talabgorlarning eng ko‘p to‘plashi mumkin bo‘lgan maksimal ball 100 ballni tashkil etadi.
18. Belgilangan ta’lim granti o‘rinlari doirasida tanlov chegarasida bir xil natija ko‘rsatgan talabgorlarning akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichiga ustuvorlik beriladi.
Belgilangan ta’lim granti o‘rinlari doirasida tanlov chegarasida ham, talabgorlarning akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichida ham bir xil natija aniqlangan holatda mazkur talabgorlar uchun o‘zlashtirilgan semestrlarda o‘tilgan mutaxassislik fanlaridan test sinovlari o‘tkaziladi.
Bunda test sinovlarini o‘tkazish muddatlari va tartibi, test savollari soni va baholash mezonlari oliy ta’lim tashkiloti rektori (direktori) tomonidan belgilanadi.
19. Akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichini aniqlash bo‘yicha komissiya, Ijtimoiy faollikni aniqlash bo‘yicha komissiya hamda Maxsus komissiyaning faoliyati natijalari (talabgorlarning aniqlangan ko‘rsatkichlari) muntazam ravishda oliy ta’lim tashkilotining rasmiy veb-saytida e’lon qilib boriladi.
20. Ta’lim grantini qayta taqsimlash jarayonlaridan norozi bo‘lgan talabgorlar uchun har bir ko‘rsatkich bo‘yicha natijalar e’lon qilingandan so‘ng 48 soat davomida oliy ta’lim tashkilotining rasmiy veb-sayti orqali apellyatsiya berish imkoniyati yaratiladi.
Apellyatsiya arizalari uch kun muddat ichida ko‘rib chiqiladi.
21. Maxsus komissiya muayyan o‘quv yili uchun ta’lim grantiga talabgor talabalarning oliy ta’lim tashkiloti rektori (direktori) tomonidan belgilangan ta’lim grantlari (to‘liq va to‘liq bo‘lmagan ta’lim grantlari) o‘rniga mos ravishda (ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya qilgan holda) shakllantirilgan ro‘yxatini tasdiqlash uchun har yili 15-avgustga qadar oliy ta’lim tashkiloti kengashiga kiritadi.
22. Oliy ta’lim tashkiloti kengashi Maxsus komissiya tomonidan taqdim etilgan ro‘yxat va unga tegishli bo‘lgan hujjatlarni ko‘rib chiqib, har yili 20-avgustga qadar ta’lim grantini oluvchi talabalar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
23. Oliy ta’lim tashkiloti kengashining qaroriga asosan ta’lim grantini oluvchi talabalar ro‘yxati har yili 25-avgustga qadar oliy ta’lim tashkilotining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
Oliy ta’lim tashkiloti kengashining qarori ushbu talabalarga to‘liq va to‘liq bo‘lmagan ta’lim grantlarini berish bo‘yicha oliy ta’lim tashkiloti rektorining (direktorining) buyruqlarini rasmiylashtirishga asos bo‘ladi.
3-bob. Oliy ta’lim tashkilotlarida talabalarga qo‘shimcha davlat grantini taqdim etish tartibi
24. Davlat oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirib, muayyan o‘quv yili bo‘yicha GPA ko‘rsatkichi 4 va undan yuqori bo‘lgan, belgilangan toifadagi talabalarga navbatdagi o‘quv yili uchun qo‘shimcha davlat granti taqdim etiladi.
Bunda talabgorlar o‘z arizalari bilan har yili 20-iyulga qadar oliy ta’lim tashkilotining rasmiy veb-sayti orqali ro‘yxatdan o‘tadi.
25. Ro‘yxatdan o‘tgan talabgorlarning arizalari har yili 25-iyulga qadar:
Akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichini aniqlash bo‘yicha komissiya tomonidan GPA ko‘rsatkichi 4 va undan yuqori ekanligi;
Ijtimoiy faollikni aniqlash bo‘yicha komissiya tomonidan haqiqatda talabgorning belgilangan toifadagi talaba ekanligi ko‘rib chiqilib, baholanadi.
26. Akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichini aniqlash bo‘yicha komissiya hamda Ijtimoiy faollikni aniqlash bo‘yicha komissiya arizalarni ko‘rib chiqish va baholash natijalarini har yili 1-avgustga qadar Maxsus komissiyaga taqdim etadi.
27. Maxsus komissiya talabgorlarning ma’lumotlarini umumlashtirib, qo‘shimcha davlat grantiga tavsiya etiladigan talabalar ro‘yxatini har yili 20-avgustga qadar oliy ta’lim tashkiloti rektoriga (direktoriga) taqdim etadi.
28. Maxsus komissiyaning tavsiyasi talabalarga qo‘shimcha davlat grantini berish bo‘yicha oliy ta’lim tashkiloti rektorining (direktorining) buyrug‘ini rasmiylashtirishga asos bo‘ladi.
29. Qo‘shimcha davlat granti taqdim etilgan talabalar har yili 5-sentabrga qadar oliy ta’lim tashkiloti tomonidan xabardor qilinadi.
4-bob. Moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim tashkilotlarida talabalarga grant taqdim etish tartibi
30. Moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim tashkilotining bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga 2024/2025 o‘quv yilidan o‘qishga kirib, muayyan o‘quv yili bo‘yicha GPA ko‘rsatkichi 3,3 dan 4 gacha bo‘lgan belgilangan toifadagi talabalarga navbatdagi o‘quv yili uchun oliy ta’lim tashkiloti granti taqdim etiladi.
Bunda moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim tashkilotlari har yili o‘zlarining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan miqdorda oliy ta’lim tashkiloti grantini taqdim etadi.
31. Oliy ta’lim tashkiloti grantiga talabgorlar o‘z arizalari bilan har yili 20-iyulga qadar oliy ta’lim tashkilotining rasmiy veb-sayti orqali ro‘yxatdan o‘tadi.
32. Ro‘yxatdan o‘tgan talabgorlarning arizalari har yili 25-iyulga qadar:
Akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichini aniqlash bo‘yicha komissiya tomonidan GPA ko‘rsatkichi 3,3 dan va 4 gacha ekanligi;
Ijtimoiy faollikni aniqlash bo‘yicha komissiya tomonidan haqiqatda talabgorning belgilangan toifadagi talaba ekanligi ko‘rib chiqilib, baholanadi.
33. Akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichini aniqlash bo‘yicha komissiya hamda Ijtimoiy faollikni aniqlash bo‘yicha komissiya arizalarni ko‘rib chiqish va baholash natijalarini har yili 1-avgustga qadar Maxsus komissiyaga taqdim etadi.
34. Maxsus komissiya talabgorlarning ma’lumotlarini umumlashtirib, oliy ta’lim tashkiloti grantiga tavsiya etiladigan talabalar ro‘yxatini har yili 20-avgustga qadar oliy ta’lim tashkiloti rektoriga (direktoriga) taqdim etadi.
35. Maxsus komissiyaning tavsiyasi talabalarga oliy ta’lim tashkiloti granti berish bo‘yicha oliy ta’lim tashkiloti rektorining (direktorining) buyrug‘ini rasmiylashtirishga asos bo‘ladi.
36. Oliy ta’lim tashkiloti granti taqdim etilgan talabalar har yili 5-sentabrga qadar oliy ta’lim tashkiloti tomonidan xabardor qilinadi.
Bunda oliy ta’lim tashkiloti granti taqdim etilgan talabaning GPA ko‘rsatkichi:
3,3 — 3,39 bo‘lganda — to‘lov-kontrakt summasining 20 foizi;
3,4 — 3,49 bo‘lganda — to‘lov-kontrakt summasining 30 foizi;
3,5 — 3,59 bo‘lganda — to‘lov-kontrakt summasining 40 foizi;
3,6 — 3,69 bo‘lganda — to‘lov-kontrakt summasining 50 foizi;
3,7 — 3,79 bo‘lganda — to‘lov-kontrakt summasining 60 foizi;
3,8 — 3,89 bo‘lganda — to‘lov-kontrakt summasining 70 foizi;
3,9 — 3,99 bo‘lganda — to‘lov-kontrakt summasining 80 foizi miqdoridagi qismi ushbu oliy ta’lim tashkilotining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.
5-bob. Yakunlovchi qoida
37. Ushbu Nizomni qo‘llash jarayonida yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Oliy ta’lim tashkilotlarida talabalarga grantlar taqdim etish va qayta taqsimlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA
Oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim grantini qayta taqsimlash
SXEMASI
Bosqichlar | Subyekt | Chora-tadbirlar | Muddat | |||
1-bosqich | Talabgor (talaba) | Oliy ta’lim tashkiloti rasmiy veb-saytida ro‘yxatdan o‘tadi. | Oliy ta’lim tashkiloti tomonidan belgilangan muddatda | |||
2-bosqich | Akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichini aniqlash bo‘yicha komissiya, Ijtimoiy faollikni aniqlash bo‘yicha komissiya | 1. Talabgorning o‘zlashtirish ko‘rsatkichini baholaydi. 2. Talabgorning ijtimoiy faollik ko‘rsatkichini baholaydi. | Oliy ta’lim tashkiloti tomonidan belgilangan muddatda | |||
3-bosqich | Akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichini aniqlash bo‘yicha komissiya, Ijtimoiy faollikni aniqlash bo‘yicha komissiya | Talabgorni baholash natijalarini Maxsus komissiyaga taqdim etadi. | Har yili 1-avgustga qadar | |||
4-bosqich | Maxsus komissiya | Talabgorning umumiy natijasini shakllantirib, oliy ta’lim tashkiloti kengashiga kiritadi. | Har yili 15-avgustga qadar | |||
5-bosqich | Oliy ta’lim tashkiloti kengashi | Ta’lim grantini oluvchi talabalar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarorni qabul qiladi. | Har yili 20-avgustga qadar | |||
6-bosqich | Oliy ta’lim tashkiloti | Ta’lim grantini oluvchi talabalar ro‘yxatini oliy ta’lim tashkilotining rasmiy veb-saytida e’lon qiladi. | Har yili 25-avgustga qadar |
Oliy ta’lim tashkilotlarida talabalarga grantlar taqdim etish va qayta taqsimlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga
2-ILOVA
Oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim grantiga talabgorlarning ijtimoiy faolligini aniqlash bo‘yicha baholash
MEZONLARI
T/r | Ko‘rsatkichlar | Ball |
1. | Kitobxonlik madaniyati | 0 — 20 |
2. | “5 muhim tashabbus” doirasidagi to‘garaklarda faol ishtiroki | 0 — 20 |
3. | Talabaning akademik o‘zlashtirishi | 0 — 10 |
4. | Talabaning oliy ta’lim tashkilotining ichki tartib qoidalari va Odob-axloq kodeksiga rioya etishi | 0 — 5 |
5. | Xalqaro, respublika, viloyat miqyosidagi ko‘rik-tanlov, fan olimpiadalari va sport musobaqalarida erishgan natijalari | 0 — 10 |
6. | Talabaning darslarga to‘liq va kechikmasdan kelishi | 0 — 5 |
7. | Talabalarning “Ma’rifat darslari”dagi faol ishtiroki | 0 — 10 |
8. | Volontyorlik va jamoat ishlaridagi faolligi | 0 — 5 |
9. | Teatr va muzey, xiyobon, kino, tarixiy qadamjolarga tashriflar | 0 — 5 |
10. | Talabalarning sport bilan shug‘ullanishi va sog‘lom turmush tarziga amal qilishi | 0 — 5 |
11. | Ma’naviy-ma’rifiy sohaga oid boshqa yo‘nalishlardagi faolligi | 0 — 5 |
Jami ball: | 100 |
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.03.2025-y., 09/25/149/0238-son)
Bog'lanish ma'lumotlari
O'zbekiston Respublikasi, Xorazm viloyati
Urganch sh., Al-Beruniy ko'chasi 2a-uy
+998 (93) 411-94-12
info@uzdxauf.uz
Dushanba – Juma / 9:00 – 18:00