Kuni kecha 31-yanvar kuni Xorazm viloyati madaniyat boshqarmasi tomonidan viloyatda amalga oshirilayotgan madaniyat va san’at sohasidagi dolzarb masalalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
Matbuot anjumanida O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi Urganch filiali direktori M.Kuchkarov, Xoreografiya fakulteti dekani M.Amanbayeva, filial professori G.Matyoqubova, Lazgi bo‘limi ilmiy xodimi D.Mavlonova hamda talabalar ishtirok etishdi.
Matbuot anjumanida madaniyat sohasida faoliyat yuritayotgan ustoz san’atkorlar, xoreograflar, O'zbekiston mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasi hamda “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi rahbar va mas’ul xodimlari ishtirok etdi. Tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar va blogerlar ham faol qatnashib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilardan bevosita javob oldilar.
Anjumanda 2025-yil davomida viloyatda madaniyat va san’at sohasida erishilgan yutuqlar, amalga oshirilgan loyihalar, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, milliy san’at turlarini rivojlantirish borasida olib borilgan ishlar atroflicha tahlil qilindi. Shuningdek, 2026-yilda sohani yanada rivojlantirish, ijodkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, madaniy tadbirlar sifatini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Tadbir davomida to‘y, tantana va marosimlarni tartibga solish masalasi ham muhim mavzulardan biri bo‘ldi. Bu borada amaldagi me’yorlarga rioya etish, dabdababozlik va isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik, milliy qadriyatlarimizga mos, ixcham va mazmunli marosimlarni tashkil etish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘layotgan ayrim video lavhalar ko‘rib chiqildi va ular yuzasidan mutaxassislar hamda soha vakillarining munosabatlari eshitildi. Bu kabi holatlarda qonunchilik talablari, axloqiy-me’yoriy mezonlar va san’atkorlarning mas’uliyati borasida tushuntirishlar berildi.
Matbuot anjumani ochiq muloqot tarzida o‘tib, unda bildirilgan taklif va mulohazalar kelgusida madaniyat sohasini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Bog'lanish ma'lumotlari
O'zbekiston Respublikasi, Xorazm viloyati
Urganch sh., Al-Beruniy ko'chasi 2a-uy
+998 (93) 411-94-12
info@uzdxauf.uz
Dushanba – Juma / 9:00 – 18:00
