Bugun, 2026-yil 26-may kuni O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi Urganch filialida “Ijtimoiy profilaktika samaradorligini oshirish, oila-turmush munosabatlari doirasida hamda ayollar va yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarning asl omillarini tahlil qilish va profilaktik tadbirlarni joylarda samarali yo‘lga qo‘yish” mavzusida profilaktik uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirni filial direktori M.B.Kuchkarov kirish so‘zi bilan ochib berib, bugungi kunda yoshlar va xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, sog‘lom ijtimoiy muhitni shakllantirish hamda oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.

Uchrashuvda filial professor-o‘qituvchilari, xodimlari hamda talabalari faol ishtirok etdi. Tadbir davomida uchrashuvda Urganch shahar ichki ishlar boshqarmasi jamaot xavfsizligi xizmati huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi profilaktika inspektori, mayor Mansurbek Berdiyev yoshlar o‘rtasida sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning kelib chiqish sabablari, ularning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, Urganch shahar ichki ishlar boshqarmasi jamaot xavfsizligi xizmati huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektori, katta leytenant Shoxida O‘ktamova oila-turmush munosabatlarida uchrayotgan muammolar, xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini oshirish hamda ularni turli salbiy holatlardan himoya qilish masalalariga to‘xtalib o‘tdi.
Tadbirda Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurash boshqarmasi katta ofitseri Shoxruh Ro‘zimatov internet va ijtimoiy tarmoqlarda uchrayotgan kiberjinoyatlar, firibgarlik holatlari va ulardan himoyalanish yo‘llari haqida tushuntirish berdi.
Bundan tashqari, Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplaens-nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi bosh mutaxassisi Muhammad Nurullayev korrupsiyaga qarshi kurashish, halollik tamoyillarini targ‘ib qilish hamda ta’lim muassasalarida shaffof muhitni yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi.
Uchrashuv yakunida talaba-yoshlarni huquqiy madaniyat ruhida tarbiyalash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida hamkorlikni yanada kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.


Bog'lanish ma'lumotlari
O'zbekiston Respublikasi, Xorazm viloyati
Urganch sh., Al-Beruniy ko'chasi 2a-uy
+998 (93) 411-94-12
info@uzdxauf.uz
Dushanba – Juma / 9:00 – 18:00
