O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Matyoqubova 1947-yilda Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumani G‘azovat qishlog‘ida tavallud topgan. U M.Xarratov nomidagi musiqa bilim yurtini xoreografiya yo‘nalishini, keyinchalik Toshkent davlat universitetining tarix yo‘nalishini tamomlagan. G.Matyoqubova 1962—1975-yillar “Komiljon Otaniyozov rahbarligidagi Xorazm ashula va raqs ansambli”da, 1975—1991- yillar Komiljon Otaniyozov nomidagi Xorazm davlat filarmoniyasida raqqosa, 1991—1998-yillar Xorazm madaniyat boshqarmasi qoshidagi xalq ijodiyotida boʻlim boshligʻi, 1998-yildan Mukarrama Turgʻunboyeva nomidagi “Oʻzbekraqs” birlashmasining “Xorazm raqs” viloyat boʻlimi bosh baletmeysteri sifatida o‘z faoliyatini yo‘lga quygan. Hozirda O‘zbekiston davlat Xoreografiya akademiyasi Urganch filialida professor bo‘lib faoliyat yuritmoqda.
G. Matyoqubovaning raqslari shoʻx va joʻshqinligi, ijro etilayotgan raqs mazmuniga alohida yondashishi, yengil va keskin harakatlari, chiroyli xiromi bilan ajralib turadi. G.Matyoqubova mingdan ziyod shogirdlarning ustozi. Uning “Ofatijon lazgi”, “Lazgi”, “Xorazm lazgi raqsi tarixi”(“History of Khorezm lazgi dance”), “O‘zbekcha-ruscha-inglizcha-fransuzcha-turkcha qisqacha izohli lug‘at” risolasi, “Xorazm Lazgi raqsi tarixi va tavsifi”, “Lazgi-sevgi va yurak raqsi” va xalqaro, milliy maqolalar muallifi.
“Lazgi” va uning turlari, “Orazibon”, “Gala Laylim”, “Muhammasi bayoz”, “Layla”, “Guldasta”, “Zuvoniy”, “Nizongul”, “Lazgi”, “Chashmi siyo” (afgʻoncha), “Silsila” (tojikcha), “Kush depti” (turkmancha), “Kanatari” (hindcha), “Pokiston goʻzali” (pokistoncha), “Sham oʻyini” (arabcha) singari raqslarni ijro etgan. “Orol faryodi” (3 boʻlim), “Lazgi afsonasi”, “Sumalak sayli”, “Orazibon” (3 boʻlim), “Toshlar tilga kirganda”, “Qayroq yangraganda”, “Kelin salomi”, “Jazava raqsi”, “Aliqambar”, “Darpanma” (3 boʻlim), “Muhammasi ushshoq”, “Xiva sanami” kabi raqslarni, Mustaqillik, Navroʻz bayramlarida, Amir Temur, Avesto, Al-Fargʻoniy, Berdaq yubileylarida va boshqa tantanalarning barchasida Xorazm raqslarini sahnalashtirgan. 200 ga yaqin raqslarni sahnalashtirgan.
G.Matyoqubova haqida “Jayxun qizi” (1990), “Qadriyat” (2002, 2 qismli) filmlari ishlangan.
Gavhar Matyoqubova o‘z faoliyati davomida ko‘plab yutuqlarga erishgan. Xususan, “O‘zbekiston xalq artisti”, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist”, “Shuhrat” medali(1997), “Mehnat shuhrati” ordeni, “El-yurt hurmati” ordeni, “Xalqaro Oltin Meros” medali “Qozog‘iston do‘stlik” medali, Turkiya TURKSOY medali, Xalqaro Ozarbayjon Birdamlik medali, Xalqaro “Chingiz Aytmatov”medali, “Ma’naviyat fidokori”, “San’at va madaniyat fidoyisi”, “Yangi O‘zbekiston 3-Renessans davri ilmiy tadqiqotlar yetakchisi” medali bilan taqdirlanganlar.
G.Matyoqubova “Raqs san’ati” ansambli bilan xorijiy davlatlarga konsert gastrollarni tashkil qilishgan. Xususan, 68 davlatga gastrol uyushtirgan. Buyuk Britaniya, Hindiston, Xitoy, Koreya, Fransiya, Yaponiya, Bangladesh, Belgiya, Germaniya, Turkiya, Iroq, Kanada, Irlandiya, Islandiya shular jumlasidandir.
Bog'lanish ma'lumotlari
O'zbekiston Respublikasi, Xorazm viloyati
Urganch sh., Al-Beruniy ko'chasi 2a-uy
+998 (93) 411-94-12
info@uzdxauf.uz
Dushanba – Juma / 9:00 – 18:00