uz ru en de fr pt es it zh ar nl sv

Xotin-qizlar kengashi

SAPAYEVA BARNO SULTONNAZIROVNA 
O'zbekiston Davlat Xoreografiya akademiyasi Urganch filiali Xotin-qizlar  kengashi raisi

O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi Urganch filiali  Xotin-qizlar masalalari bo'yicha maslahat kengash to'g'risida

NIZOM



                                                

I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Namunaviy nizom (keyingi o'rinlarda Nizom deb yuritiladi) O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi Urganch filiali Xotin-qizlar masalalari boʻyicha maslahat kengashning (keyingi o'rinlarda Kengash) asosiy vazifalari, funksiyalari, vakolatlarini belgilaydi va shu bo'yicha ish olib boradi.
2. Kengash xotin-qizlarni ijtimoiy siyosiy qo'llab-quvvatlovchi, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qiluvchi shuningdek O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Qonunlarida o'z aksini topgan ijtimoiy siyosiy kafolatlarining amalga oshirilishiga ko'maklashuvchi jamoatchilik asosida doimiy faoliyat yurituvchi Kengash hisoblanadi.
3. Kengash tarkibi filiallar direktorining yig'ilish qarorlari bilan tashkil etiladi hamda unga kiritiladigan o'zgartishlar yig'ilish raisi tomonidan tasdiqlanadi.
4. Kengash qarorlari tavsiyaviy xususiyatga ega.
5. Kengash o'z faoliyatida O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi
va qonunlariga, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga,
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga,
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga,
O'zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligining me'yoriy
hujjatlariga mazkur Nizomga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
6. Kengash qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik, o'zaro hamkorlik va hurmat, teng huquqlilik, ixtiyoriylik hamda jamoatchilik fikrini hisobga olish tamoyillari asosida faoliyat yuritadi.
II. Kengashning asosiy vazifalari va funksiyalari
7. Quyidagilar kengashning asosiy vazifalari va funksiyalari hisoblanadi:
Xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlashga doir davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini ta'minlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish 
 
 
hamda ularning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli va faolligini oshirish ishlarini hamkorlikda tashkil etadi;
Xotin-qizlarning mehnat jamoalarida, davlat va jamoat boshqaruvi sohasidagi rolini kuchaytirish, ularni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo'llab-quvvatlash borasidagi maqsadli ishlarni tashkil etishga ko'maklashish va ularning fikrlarini tizimli monitoring qilish;
Xotin-qizlarning muammolarini o'z vaqtida aniqlash, yordamga muhtoj va og'ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarning, shu jumladan, nogironligi bo'lgan ayollarning manzilli ro'yxatlarini tuzish, ularga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam ko'rsatish, reabilitatsiya vositalari bilan ta'minlash ishlariga ko'maklashadi;
Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risidagi qonun hujjatlarining ijrosi yuzasidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi va tegishli takliflar ishlab chiqadi;
Xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish sohasida hududiy dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
Talaba-qizlarni oilaviy hayotga tayyorlash, yosh oilalani ijtimoiy faollikka yo'naltirish, ular o'rtasida ijtimoiy foydali mehnat turi bilan shug'ullanadigan, ibrat namunasiga ega bo'lgan xotin-qizlarning hayot faoliyatlari va turmush tarzlarini keng targ'ib qilish;
Xotin-qizlar o'rtasida turli ko'rik-tanlovlar va sport musobaqalarini o'tkazish, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti va "Mo'tabar ayol" ko'krak nishoni bilan taqdirlash uchun nomzodlani tanlashda qonuniylik, ijtimoiy adolat, shaffoflik tamoyillariga rioya etilishi ustidan ta'sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi;
filialda samarali mehnat qilayotgan ayol xodimlarni Davlat mukofotlariga tavsiya etish bo'yicha taklif kiritadi.
III. Kengashning majburiyatlari
8. Kengash o'z zimmasiga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi
majburiyatlarni bajaradi:
o'z faoliyatini O'zbekiston Respublikasi qonunchiligi va mazkur Nizomga muvofiq amalga oshirish;
jamoatchilik nazorati to'g'risidagi Qonun hujjatlari talablariga rioya etish; fuqarolarning or-nomusi va qadr-qimmatini tahqirlashga, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo'l qo'ymaslik.
 
9. Kengash Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarga ham ega bo'lishi mumkin.
IV. Kengashning huquqlari:
10. Kengash quyidagi huquqlarga ega bo'ladi:
jamiyat va davlat hayotida faollik va tashabbuskorlik ko'rsatgan, o'zining samarali mehnati bilan oilaning totuvligi va farovonligi mustahkamlanishiga, onalik va bolalik muhofazasiga munosib hissa qo'shgan, shuningdek, sog'lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, joylarda ma'naviy-axloqiy muhitni sog'lomlashtirish va milliy qadriyatlarni keng targ'ib etish borasida ibratli faoliyat olib borayotgan xotin-qizlarni "Mo'tabar ayol" ko'krak nishoni bilan taqdirlash yuzasidan filial rahbariyatiga  takliflar kiritish;
Filialda Kengash vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan takliflar kiritish;
Xotin-qizlar, ayniqsa yordamga muhtoj va og'ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar, shu jumladan, nogironligi bo'lgan ayollar uchun nazarda tutilgan imtiyozlar haqidagi qonun hujjatlarining ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;
zimmasiga yuklatilgan vazifalar ijrosi samaradorligini oshirish maqsadida filialda  xotin-qizlar o'rtasida turli ko'rik-tanlovlar va sport musobaqalarini tashkil etish va o'tkazish;
filialdagi xotin-qizlar, ayniqsa yordamga muhtoj va og'ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar, shu jumladan, nogironligi bo'lgan ayollarning roziligi bilan ularning uy-joy va ijtimoiy-maishiy shart-sharoitlari bilan tanishish;
kengash majlislarida muhokama qilinadigan masalalarni yoritish bo'yicha ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish;
yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun seminarlar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlarni tashkil etish, zarur hollarda ularga davlat organlari va jamoat tashkilotlari mas'ul xodimlarini hamda mahalla faollarini taklif etish.
11. Kengash qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo'lishi mumkin.
V. Kengash faoliyatini tashkil yetish tartibi
12. Filial  maslahat kengashi raisi: 
Filial rahbari tavsiyasi asosida tasdiqlanadi (jamoatchilik asosida).
13. Kengashni belgilangan tartibda kengash raisi boshqaradi.
 
 
Kengash raisi filial direktori tavsiya qilgan 3 va 5 nafar nomzodlari orasidan (rahbar lavozimida bo'lmasligi kerak), filialda faoliyat olib borayotgan xotin-qizlarning yashirin ovoz berish yo'li bilan, ularning uchdan ikki qismining bergan ovozi bilan saylanadi;
Kengash tarkibi har 3 yilda tasdiqlanadi.
Kengash raisi:
Kengash faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi;
Kengash majlislarini chaqiradi va kun tartibini belgilaydi, majlisga raislik
qiladi:
Kengash ish rejalarini, majlis bayonnomalarini va boshqa hujjatlarini tasdiqlaydi, majlis Qarorlarining ijrosini nazorat qiladi.
14. Dekan maslahatchisi:
dekan maslahatchisi  ta'lim muassasasida xotin-qizlar soni 7 nafardan oshgan har bir fakultetda jamoatchilik asosida tashkil etiladi;
dekan maslahatchisi ta'lim muassasasining Xotin-qizlar masalalari bo'yicha direktor maslahatchisi tavsiyasi asosida direktor tomonidan tasdiqlanadi va vazifasidan ozod etiladi.
15. Dekan maslahatchisining vazifalari:
talaba-qizlarning huquqiy madaniyatini va savodxonligini oshirib borish ishlarida faol bo'ladi; 
mehribonlik uylarida tarbiyalangan qizlar bilan alohida manzilli ishlarni
amalga oshiradi;
ijodkor, ilmiy-tadqiqot bilan shug'ullanishni istagan talaba-qizlar, pedagog- xodimlar bilan hamkorlikni kuchaytiradi;
talaba-qizlar orasida turli noxush holatlar (psixotrop moddalar, jinoyatchilik, o'z joniga  qasd qilish, turli oqimlar ta'siriga tushib qolish, odam savdosi)ning oldini olish, oilalarda ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligini ta'minlash, oila muqaddasligi borasida mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda tushuntirish ishlarini muntazam tarzda olib borish, yuqoridagi salbiy xarakteri aniqlangan xotin- qizlarning ro'yxatini ommadan yashirin holatda shakllantirish ishlarini olib boradi, ushbu holatdan ta'lim muassasasi rahbariyatini ogoh qiladi;
Xotin-qizlar maslahat kengashi raisiga bo'ysinadi, har oy yakuni bo'yicha amalga oshirgan ishlari yuzasidan hisobot taqdim etadi.
 
 
16. Kengash fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari va boshqa davlat organlari hamda jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi.
17. Kengashga raisi bo'lmagan taqdirda, uning vakolatlari va majburiyatlarini rais o'rinbosari bajaradi.
18. Kengash majlisi ish reja asosida har oyda bir marta chaqiriladi;
Kengash raisining tashabbusi yoki kengash a'zolarining uchdan bir qismining yozma murojaati asosida uning navbatdan tashqari majlisini chaqirish nazarda tutiladi.
19. Kengash majlislariga boshqa davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari, mahalla faollari taklif etilishi mumkin.
20. Kengash majlisida qabul qilingan Qaror bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
21. Kengash raisi oliy filial ilmiy kengashi a'zosi sifatida yiliga ikki marta hisobot beradi.
VI. Kengash raisi maqomi
22. Kengashi raisi rahbar (rektor, direktor)ning "Xotin-qizlar masalalari bo'yicha maslahatchisi" maqomiga ega.
23. Kengash raisi ta'lim muassasasining birinchi rahbariga bo'ysinadi.
24. Kengash raisi uchun alohida xona ajratish, kompyuter, telefon, internet
tarmog'i va boshqa jihozlar bilan ta'minlash hamda o'rnatilgan tartib asosida ish haqiga qo'shimcha ustama belgilash orqali moddiy rag'batlantirib borish choralari ko'riladi.
VII. Yakunlovchi qoidalar
25. Kengash faoliyatini moddiy-texnik jihatdan ta'minlash qonun hujjatlarida taqiqlanmagan manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
26. Kengash faoliyati ushbu nizomiga va O'zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq holda amalga oshirilishi Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan nazorat qilinadi.

Videolavhalar