uz ru en de fr pt es it zh ar nl sv

Xalqlar do‘stligi kuni

Xalqlar do‘stligi kuni

 

Tinchlik va barqarorlik, o‘zaro hurmat va hamjihatlik – bizning eng katta boyligimiz

 

Aziz yurtdoshlar, qadrli do‘stlar!

Barchangizni mamlakatimizda ikkinchi bor nishonlanayotgan Xalqlar do‘stligi kuni bilan tabriklar ekanman, bag‘rikeng xalqimizning ulug‘ insoniy fazilatlaridan biri – qaysi millat vakili bo‘lishidan qat’i nazar, hamjihatlik, ahillik, do‘st-birodarlikda yashab, el-yurt tinchligi, Vatan ravnaqi yo‘lida birgalikda harakat qilish ekanini iftixor bilan aytib o‘tmoqchiman. Ya’ni, kuch – birlikda, mustahkam do‘stlikdadir.

 

Shukrki, insonparvarlik tamoyillari ustuvor mamlakatimizda tinchlik, xotirjamlik, sog‘lik-omonlik, farovon hayot barqaror! Xalqini har qanday balo-qazolardan asrash, himoya qilishga qodir qudratli Vatanimiz bor. Bu shunday diyorki, unda 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari emin-erkin yashab, umrguzaronlik qilmoqda. Ularning farzandlari boshqalar qatori o‘z tillarida o‘qib, oliy ma’lumotli bo‘lish, istagan yo‘nalishlarida bilim olib, kasb egallash imkoniyatiga ega.

 

Barcha millat vakillarining tili, dini, qadriyatlarini targ‘ib qilib, “O‘zbekiston –umumiy uyimiz” shiori ostidagi madaniy, ma’rifiy tadbirlarda faol ishtirok etayotgan milliy madaniy markazlar faoliyati uchun barcha sharoitlar mavjudligi ham bor gap. Hududlarimizda qurilib, foydalanishga topshirilayotgan zamonaviy “Do‘stlik  uylari”, viloyat, shaharlarimiz markazlarida muntazam tashkil etiladigan do‘stlik  uchrashuvlari, konsert-tomoshalarga nafaqat O‘zbekistonda yashayotgan turli millat vakillari, balki qo‘shni davlatlar vakillari ham taklif qilinayotgani, ular bunday samimiy uchrashuvlar, madaniy tadbirlardan xursand bo‘lib, o‘zbekistonliklarning, millatdoshlarining mehr-oqibatidan ko‘ngillari to‘lib, havas qilib ketayotganliklarining guvohi bo‘lish ham har birimizga g‘urur, iftixor tuyg‘ularini baxsh etadi.

 

Turli bayram, shodiyonalarimizda yangraydigan turli millat qo‘shiqlari va raqslarini yurtdoshlarimiz katta qiziqish bilan tinglab, tomosha qilishlari, o‘zbek tilidagi kuy-qo‘shiqlarni boshqa millat vakillari ham mehr bilan ijro etishi kimni quvontirmaydi deysiz?!  Azaldan tarixiy ildizlari tutash, tili, urf-odat va an’analari, milliy kuy- qo‘shiqlari o‘xshash, orzu-niyatlari mushtarak xalqlar do‘stligi, tinchlik-osudalikda yashashi dunyodagi ko‘pgina mamlakatlar xalqlari uchun armon ekanligi ham ayni haqiqat.

 

Hozirgi kunda jahonda kechayotgan  murakkab davr, terrorizm, ekstremizm, separatizm kabi zararli, buzg‘unchi g‘oyalar bilan odamlar ongini zaharlash, urush olovini yoqishga intilishlar, tinchligimizni ko‘rolmayotganlarning qutqularidan ogoh bo‘lish, o‘zimizni va yaqinlarimizni, jamiyatimizni himoya qilish, asrash uchun ham har birimizda kuchli vatanparvarlik pozitsiyasi, daxldorlik mas’uliyati bo‘lishi zarur!

 

Shukrki, o‘zini ham, o‘zgalarni ham hurmat qila oladigan ma’naviyatli, madaniyatli, ma’rifatli xalqimiz, shunday fazilatlarning bezavolligi uchun imkon beradigan O‘zbekistonday Vatan farzandlarimiz! Bu diyorda o‘zbek, qoraqalpoq, qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman, rus, belorus, nemis, ingliz, tatar kabi ko‘pgina  xalqlarning do‘stlikni ulug‘lovchi  milliy qo‘shiqlari mudom yangrab turadi. Uning bardavomligi esa sizu bizga bog‘liq aziz yurtdoshlar, qardoshlarimiz!

 

Sizlarni bugungi ayyom bilan yana bir bor qutlar ekanman, barchangizga mustahkam sog‘lik, tinchlik-omonlik, xonadoningizga fayzu baraka tilayman. Barqaror do‘stlik, ishonchli, qudratli Vatan himoyasi hayotingizni quyoshdek yoritib tursin!

 

Ozodbek Nazarbekov,

madaniyat vaziri

 

O'zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi Urganch filiali

Bog'lanish ma'lumotlari

O'zbekiston Respublikasi, Xorazm viloyati
Urganch sh., Al-Beruniy ko'chasi 2a-uy

+998 (93) 411-94-12
info@uzdxauf.uz

Dushanba – Juma / 9:00 – 18:00

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Talabalar uchun resurslar

Ommabop xabarlar

Navro‘z bayrami arafasida tashkil etiladigan “Sumalak sayllari” o‘zbek xalqining eng ulug‘ azaliy udumlaridan biridir.
YUNESKO Parijdagi qarorgohida 21-mart Xalqaro Navro‘z kuni nishonlandi.
Qonunchilikka ko‘ra, noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan nomoddiy madaniy meros namunalarini saqlovchi 20 nafar shaxs aniqlanib, ularga ko‘maklashiladi hamda faoliyatini baholash ko‘rsatkichlari belgilab beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 14-fevraldagi farmoyishiga binoan joriy yilda O‘zbekiston xalq shoiri, taniqli davlat arbobi Enaxon Siddiqova tavalludining 70 yilligi keng nishonlanadi.

Videolavhalar